Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Vatan kuychisi edi...

26 Dekabr 2021, 04:12

1610

Xalqimizning suyukli farzandi, atoqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov, chinakam ma’noda, ona Vatanimiz kuychisi edi. Milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkor hayot bo‘lganda hozir 85 yoshni qarshi olardi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy kecha buyuk so‘z sohibining hayoti va ijodiga bag‘ishlandi. Tadbir avvalida o‘quv dargohi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Husniddin Davronov so‘z olib, shoirning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi ulkan xizmatlarini e’tirof etdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Burxon muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida milliy adabiyotimiz darg‘alarining boy adabiy merosini o‘rganish va kelgusi avlodlarga yetkazish borasida ezgu ishlar haqida to‘xtaldi. “Ustozimiz Erkin aka xalqimizni, ona Vatanimizni, istiqlol in’om etgan ne’matlarni jondan ortiq sevardi. U o‘zbek she’riyatini yangi  taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi, qimmatli asarlari, ibratli hayoti bilan yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga katta hissa qo‘shdi”, - dedi u.

Tadbirda xalq shoirining ijodiy merosida tarannum etilgan ezgu g‘oya va falsafiy qarashlar, xotirasini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan xayrli chora-tadbirlar tilga olindi. Uning ko‘ngilga yaqin she’rlaridan namunalar o‘qildi. Iqtidorli kursantlar tomonidan “Oltin devor” spektaklidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech