Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Vakillarimiz tarixiy natijani qayd etishdi

31 May 2023, 10:05

911

26-27-may kunlari Rossiya Federatsiyasining poytaxti Moskva shahrida huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar xodimlari va harbiylar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha XVIII xalqaro xotira turniri bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada Rossiya, Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Armaniston va Qirg‘iziston davlatlaridan 11 ta jamoa ishtirok etdi. Terma jamoamiz tarkibida Bahrom Inoyatov (-66 kg), Timur Xudoyqulov, Umid Abdullayev (-73 kg), G‘iyosjon Boboyev (-81 kg), Rustam Saidov, Farrux Boboyev (-90 kg), Faxriddin Sharipov (-100 kg), Dilshod Choriyev (+90) va Hamid Otajonov (+100 kg)lar mamlakatimiz sharafini himoya qildi.

Murosasiz kurashlar ostida o‘tgan turnirda mahoratli dzyudochilarimiz eng yaxshi natijani qayd etishdi. Final bosqichida Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiyasi (Rosgvardiya) xodimlariga qarshi gilamga chiqqan vakillarimiz mezbonlarni ishonchli tarzda mag‘lub etib, turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdilar. Quvonarlisi, terma jamoamiz hisobidagi oltin medallardan biri IIV Akademiyasining Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasi o‘qituvchisi, leytenant Dilshod Choriyev hisobiga yozildi.

Aytish joizki, o‘tgan yili o‘tkazilgan an’anaviy turnirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi terma jamoasi uchinchi o‘rinni egallagan edi. Tajribali murabbiy Jamshid Fayziyev shogirdlari mazkur natijani yaxshilashga muvaffaq bo‘ldilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech