Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Turkiya Respublikasi IIV Xavfsizlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mashg‘ulotlar yakuniga yetdi.
To‘rt kun davom etgan o‘quv-trening mashg‘ulotlarida Akademiya professor-o‘qituvchilari va magistratura tinglovchilari uyushgan jinoyatchilikni tergov qilish usullari hamda kiber jinoyatlarni aniqlash va fosh etish yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy mahoratlarini oshirdilar.
Xorijlik malakali mutaxassislar tomonidan uyushgan jinoyatchilikning zamonaviy ko‘rinishlari, bu turdagi jinoyatlarni tergov qilish, kiber jinoyatlarga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati, mazkur sohaga oid xorijiy tajribalarni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari va boshqa dolzarb masalalar haqida tushuncha berildi. Ishtirokchilar mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Turkiya tajribasi va amaliyoti misolida javob olishdi.
Shuningdek, Turkiya Respublikasi IIV Xavfsizlik bosh boshqarmasi vakillari Akademiya faoliyati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash jarayoni bilan ham yaqindan tanishdilar.
O‘quv-trening yakunida barchaga sertifikatlar topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati