Ichki ishlar vazirligi akademiyasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Shavkat O‘razayevning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Taniqli huquqshunos olimlar, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etgan tadbirni Akademiya rahbari Rustam Xatamov ochdi.
Akademik Shavkat O‘razayev mamlakatimiz ilm-fanida o‘chmas iz qoldirgan atoqli olim edi. Umr yo‘lini yuridik fanlar rivojiga bag‘ishlagan olim soha uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlashga ulkan hissa qo‘shgan. Uning muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fundamental tadqiqotlari, ilmiy ishlanmalari, monografiya va maqolalari nafaqat yurtimiz, balki chet el ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida ham yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan. Yetuk salohiyatli olimning mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasini yaratishda ulkan hissa qo‘shganini e’tirof etish joiz.
Xotira kechasida Shavkat O‘razayevning ibratli hayoti, ilm-fan rivoji yo‘lidagi serqirra faoliyati, ayniqsa kelgusi avlodlar uchun qoldirgan boy ilmiy-ijodiy merosi haqida mulohazalar bildirildi.
– Shavkat aka ustozlik maqomini oqlagan inson edi, – dedi akademik Akmal Xolmatov. – Toshkent davlat yuridik institutida tahsil olgan yillarimni eslasam, ustozimiz o‘tgan ma’ruzalar ko‘z oldimga keladi. Biz talabalar mashg‘ulotlarni nihoyatda diqqat bo‘lib, maroq bilan tinglardik. “Hamisha yuksak marralarni ko‘zlang” deya yoshlarni ruhlantirib borardilar. Buni qarangki, ustoz-shogirdlik munosabatlarimiz hayotlarining so‘nggiga qadar bog‘landi. Bugun ulug‘ dargohda ustozimizdan ilm o‘rgangan, nurli hayot yo‘lini davom ettirayotgan insonlar davrasida Shavkat akani xotirlayotganimiz bejiz emas. Boisi, Shavkat aka Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ham faoliyat yuritib, o‘quv maskanining ilmiy-pedagogik salohiyatni yuksaltirishda jonbozlik ko‘rsatgan edilar. Quvonarlisi, ustozimiz yaratgan ilmiy an’analar bugun shogirdlari tomonidan munosib davom ettirilmoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda huquqshunos olimlardan Halim Boboev, Lola Saidova, Omonboy Oqyulov va boshqalar so‘z olib, Shavkat O‘razaevning sermazmun hayoti, insoniylik fazilatlarini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Uning yorqin xotirasi shogirdlari qalbida barhayot ekanligi e’tirof etildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati