IIV Akademiyasida soha faxriylari hamda “tezkor-qidiruv faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olayotgan kursantlar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Uch avlod uchrashuvi”da iste’fodagi general-mayor Mirsamad Adilov, iste’fodagi polkovniklar Abror Ibragimov va Sulaymon Valiyev ko‘p yillik kasbiy faoliyatlari davomida orttirgan tajribalarini yoshlar bilan o‘rtoqlashdilar. Kursantlarga ichki ishlar organlarida xizmat qilishning o‘ziga xos qiyinchiliklari, jinoyatchilarni “issiq izi”dan fosh etish mashaqqatlari, yosh xodimlar faoliyatida “ustoz-shogird” an’analarining o‘rni haqida tavsiyalar berildi.
Faxriylik gashtini surayotgan soha fidoyilari davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan izzat-ehtirom, ayniqsa yoshi ulug‘ murabbiylarga qaratilayotgan e’tiborni e’tirof etishdi. Jinoyat-qidiruv sohasining bo‘lajak vakillariga qonuniylik va intizomga qat’iy amal qilish, tizim sha’niga dog‘ tushiriruvchi illatlarga yo‘l qo‘ymaslik, ona Vatanimizga yuksak sadoqat bilash xizmat qilish kerakligini aytib o‘tishdi.
Tadbir davomida kursantlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, faxriylarga tuhfalar ulashildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati