Yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, ularga munosib ta’lim-tarbiya berish, ayniqsa “ustoz-shogird” an’analarini davom ettirishda faxriylarning hissasi katta.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida soha faxriylari, professor-o‘qituvchilar hamda kursantlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali sohibi, shoir Rustam Musurmon so‘z olib, yoshlar kamolotida ustozlar mehnatining beqiyos o‘rni, faxriylarning ko‘p yillik mehnat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, hayot tajribalarini yosh avlodga o‘rgatish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Soha faxriylari – iste’fodagi polkovniklar Abdug‘affor Ortiqov, Sulaymon Valiyev, Davlat Yusubov ichki ishlar organlaridagi xizmat davrlarini yodga olib, kasb mashaqqatlarini yengish, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishning o‘ziga xos qiyinchiliklari haqida so‘zlab berishdi. Katta avlod vakillari yoshlarni puxta bilim egallashga chorlab, ichki ishlar organlarida raqobatbardosh kadrlarga ehtiyoj tobora kuchayib borayotganini ta’kidlashdi. Ayniqsa xizmat faoliyati bilan bog‘liq qiziqarli hayotiy voqealar kursantlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir davomida taniqli shoir va tarjimon Rustam Musurmon she’rlaridan tinglandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati