Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Ustozlar hayoti – ibratga to‘la

29 Dekabr 2021, 10:12

1881

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ta’lim muassasasi rahbariyati tashabbusi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda soha mashaqqatini yengib o‘tgan bir guruh faxriylar yoshlar bilan samimiy suhbat qurdilar. Tadbir avvalida Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov ichki ishlar organlarida “ustoz-shogird” an’analarining ahamiyati haqida to‘xtaldi. 

– Inson hamisha ustozlariga suyanadi, ulardan ibrat oladi. Ichki ishlar organlari tizimida o‘z hayotini el-yurtimiz farovonligi, tinchligi va osoyishtaligi uchun bag‘ishlagan, insoniy fazilatlari bilan obro‘-e’tibor qozongan fidoyilarimiz ko‘p. Ularning salohiyati va boy tajribasi yosh xodimlar, ayniqsa kursantlarimizni o‘z kasbining qadriga yetishga undaydi, – dedi o‘quv dargohi boshlig‘i.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda iste’fodagi polkovnik G‘ulom-Hasan Alimovning mashaqqatli mehnat faoliyati alohida e’tirof etildi. O‘quv dargohining tarixi, mustaqillik yillarida soha uchun kadrlar tayyorlash bosqichlari, so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan yoshlarning zamonaviy bilim olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqidagi iliq so‘zlar tadbirning tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshirdi.

Shu kuni iste’fodagi general-mayor Habibulla Hojimatov, iste’fodagi polkovniklar Mixail Ursaki, Rustam Kabulov va boshqalar ham so‘zga chiqishdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech