Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Tojikistonlik kursantlar bilan muloqot

11 Sentyabr 2024, 07:09

273

Joriy o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi akademiyasida xorijiy kadrlarni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Ma’lumki, bu borada davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Mazkur qarorga muvofiq, akademiyaning kunduzgi ta’lim bakalavriatiga qo‘shni Tojikistondan kelgan 6 nafar yoshlar o‘qishga qabul qilindi. Ayni paytda ular “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “ekspert-kriminalistik faoliyat” ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olmoqda.

Yangi o‘quv yili oldidan akademiya rahbari Rustam Xatamov tojikistonlik yoshlar bilan uchrashdi. Muloqot avvalida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qavrovli islohotlar, muhtaram Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli jonajon Vatanimiz erishayotgan mislsiz yutuqlar, mintaqamizda hukm surayotgan do‘stona munosabatlar e’tirof etildi.

– Siz ta’lim olayotgan dargoh shonli tarixni bosib o‘tgan, –dedi akademiya boshlig‘i. – O‘z davrida akademiyamiz negizi sanalgan Toshkent oliy va o‘rta maxsus militsiya maktablari qo‘shni respublikalar ichki ishlar organlari uchun ham kadrlar tayyorlab bergan. Ushbu maskanlarni tamomlagan bitiruvchilar orasida ko‘plab generallar, rahbar kadrlar yetishib chiqqan. Sizlar ham puxta bilim olib, ustozlarning sharafli yo‘lini davom ettirishingiz lozim.

Uchrashuv davomida o‘quv dargohi rahbari yoshlarga murojaat qilib, ularning takliflari, fikr-mulohazalari bilan qiziqdi. Akademiyada o‘rnatilgan kun tartibi va xizmat intizomiga og‘ishmay rioya qilish, nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni mukammal egallash yuzasidan tavsiyalar berdi.

– O‘quv muassasamizda ta’limning ilg‘or yondashuvlari joriy qilingan. Professor-o‘qituvchilarimizning aksariyati ilmiy salohiyatga ega, o‘z kasbining fidoyilari sanaladi. Bundan tashqari, o‘z ustingizda mustaqil ishlashingiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bulardan to‘g‘ri maqsadlarda foydalanib, o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlashingizga tilakdoshman, – dedi akademiya rahbari.

Tadbirdan so‘ng kursantlar uchun akademiya bo‘ylab sayohat uyushtirildi. O‘quv dargohida yaratilgan shart-sharoitlar, axborot-resurs markazi, o‘quv xonalari, akademiya tarixi muzeyi, sport majmuasining zamonaviy imkoniyatlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech