IIV Akademiyasi magistraturasining “Tashkiliy-strategik boshqaruv” hamda “tashkiliy-taktik boshqaruv” yo‘nalishida ta’lim olayotgan tinglovchilar 3-12-iyun kunlari bitiruvoldi malakaviy amaliyotga jalb qilindi.
Vazirlik tarkibiy tuzilmalari hamda hududiy bo‘linmalarida tashkil etilgan amaliyot davrida tinglovchilarga bevosita birinchi rahbarlar murabbiy etib biriktirildi. Bunda tinglovchilarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularda ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishga oid boshqaruv fazilatlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, tinglovchilar joylardagi sektor va mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, aholi bilan samarali ishlash, hududlarni rivojlantirish, jamoat tartibini saqlash, ijtimoiy profilaktikani amalga oshirish, jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha hududlar tajribasini o‘rganib, o‘qish davomida egallagan nazariy bilimlarini yanada mustahkamladi.
Tinglovchilar bilan ta’lim jarayonida interfaol yondashuvlar asosida olib borilgan mashg‘ulotlar, ayniqsa boshqaruv mahoratini shakllantirishga qaratilgan o‘quv kurslari malakaviy amaliyot davomida zarur kasbiy bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qildi.
Amaliyot yakunlari bo‘yicha har bir tinglovchidan sinovlar qabul qilindi. Mazkur sinov natijasi asosida ular yakuniy davlat attestatsiyasi va magistrlik dissertatsiyasi himoyasiga qo‘yiladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati