Samarqand viloyatida tavallud topgan Samatjon Samadov Ichki ishlar vazirligi akademiyasining iqtidorli kursantlaridan. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan Samatjonga nafaqat tengdoshlari, balki u tug‘ilib voyaga yetgan urgutlik yoshlar ham havas qiladi.
A’lo baholarga o‘qiyotgan kursantimiz o‘tgan yili “Ichki ishlar vaziri stipendiati” faxriy yorlig‘iga sazovor bo‘lib, ota-onasi Qodir aka va Dilrabo opani quvontirgan edi. Kuni kecha oila vakillari galdagi xushxabarni shodu xurramlik bilan qarshi olishdi. Mahalla faollari, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori hamrohligida xonadon egalariga minnatdorlik maktubi topshirildi. Quvonarlisi, Samatjon bilan bir safda turgan yana besh nafar kursantning ota-onalari ham minnatdorlik so‘zlariga limmo-lim maktublarni qabul qilib olishdi...
Akademiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir quvonchli lahzalar namoyish etilgan videolavhalar bilan boshlandi. Kursantlar, saf qismi ofitserlari, yoshlar yetakchilari ishtirok etgan tadbirda bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik O‘tkirbek Qosimov so‘z olib, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ta’lim olishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish dolzarb vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi. Bilim olishga intilishi, yuksak salohiyati, vatanparvarligi, fidoyiligi bilan namuna bo‘layotgan kursantlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ko‘lami yanada kengayishi aytib o‘tildi.
Tadbirda o‘z tengdoshlarini yangi marralar sari ruhlantirib kelayotgan kursantlar ham so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz bildirgan yuksak ishonchni munosib oqlashga, ichki ishlar organlari uchun professional kadr bo‘lib yetishishga va’da berdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati