Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasining turdosh oliy o‘quv muassasalarida ta’lim oluvchi bir guruh yoshlar IIV Akademiyasida mehmon bo‘lib turishibdi.
Ta’lim muassasasida ular uchun turli uchrashuvlar, o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan mashg‘ulotlar, vatanparvarlikni targ‘ib qiluvchi tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ana shu maqsadda o‘tkazilgan galdagi tadbirda tengdoshlar o‘zaro muloqot qilishdi. Uchrashuvda ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashda milliy va xorijiy tajribaning o‘ziga xos jihatlari, zamonaviy ta’limga tatbiq qilinayotgan ilg‘or yondashuvlar, jinoyatlarning yangi turlari, ularning oldini olish va fosh etishda puxta bilim va amaliy ko‘nikmalarning o‘rni, shuningdek yoshlar faoliyatiga oid boshqa qiziqarli mavzular yuzasidan fikr almashildi. Akademiya kursantlari ta’lim jarayonidagi islohotlar, kursantlarga yaratilgan keng imkoniyatlar, ularning xalqaro fan olimpiadalari, tanlov va sport musobaqalarida erishayotgan yutuqlari xususda so‘zlab, kelgusidagi ulkan maqsadlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Aytish joizki, xorijda o‘qiyotgan yoshlarimiz nafaqat Akademiya hayoti, balki poytaxtimizning madaniy-ma’rifiy maskanlari bilan ham tanishib, ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazmoqdalar. Ayniqsa tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar ularning kasbiy fazilatlari hamda salohiyatini yuksaltirishda ayni muddao bo‘lmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati