Buyuk davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur tavalludining 687 yilligi munosabati bilan IIV Akademiyasida o‘tkazilgan davra suhbati “Temur tuzuklari”ning tarixiy-huquqiy ahamiyatiga bag‘ishlandi.
Tarixchi olimlar, professor-o‘qituvchilar va kursantlar ishtirok etgan tadbirda Amir Temurning hayoti, harbiy va ijtimoiy-siyosiy faoliyati, xususan, buyuk ajdodimiz yaratgan tuzuklarning milliy davlatchiligimiz rivojida tutgan o‘rni haqida mulohazalar bildirildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, mafkuraviy kurashlar avj olayotgan hozirgi davrda tarixda o‘chmas iz qoldirgan ajdodlarimizning ibratli hayoti va faoliyatini, boy ma’naviy-ilmiy merosini chuqur o‘rganish muhim zaruratga aylanmoqda. Ayniqsa yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “Temur tuzuklari”ning o‘rni beqiyos. Qo‘llanmada yurtni sevish, har ishda adolatni ustun qo‘yish, ilm-ma’rifatga intilish, mamlakat tinchligi va farovonligiga hissa qo‘shish kabi ulug‘ g‘oyalar o‘z aksini topgan. Xalqparvar ichki ishlar organi xodimi bo‘lishni maqsad qilgan yoshlar yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar egasi bo‘lib, jasorat va mardlikda tarixiy siymolarimizga munosib izdosh bo‘lishlari lozim.
Shu kuni Harbiy tayyorgarlik kafedrasi qoshidagi iqtidorli kursantlar to‘garagi a’zolari ishtirokida musobaqa ham bo‘lib o‘tdi. O‘q otish, jangovar qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvda birinchi o‘rinni 224-guruh kursanti Doniyor Asatullayev, ikkinchi o‘rinni 131-guruh kursanti Karomat Davletova, uchinchi o‘rinni 133-guruh kursanti Muhammadjon G‘ulomjonov egalladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati