Ichki ishlar vazirligi akademiyasida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-saf qismi ofitserlari, kunduzgi ta’lim bakalavr yo‘nalishining birinchi bosqich kursantlari ishtirok etgan yilig‘ishni IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Timur Bayjanov olib bordi.
Ichki ishlar organlarida xizmat qilish har bir insondan yuqori kasbiy tayyorgarlik, mustahkam iroda va fidoiylikni talab etadi. Shaxsiy tarkib o‘rtasida tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etish xizmat intizomi bilan bog‘liq turli salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shu bois, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, ularni Vatanga, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash, kasbiy hamda jangovar tayyorgarligini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan tarbiyaviy profilaktik chora-tadbirlar, kursantlar o‘rtasida sodir qilinayotgan salbiy xatti-harakatlar muhokama qilindi. Kursant yoshlarga davlatimiz tomonidan yaratilgan ulkan imkoniyatlardan samarali foydalanish, o‘quv va xizmat intizomiga qat’iy amal qilish, o‘quv jarayonida ichki ishlar organi xodimlari uchun zarur bo‘lgan ma’naviy-axloqiy xislatlarni shakllantirib borish borasida tavsiyalar berildi.
Shuningdek yoshlar bilan ishlashda Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish bo‘limi hamda o‘quv-saf qismi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi matbuot xizmati