Tarixiy xotirani asrash, ajdodlar merosini qadrlash va o‘tmish saboqlaridan xulosa chiqarish yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.
IIV akademiyasi kursantlari uchun poytaxtimizdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga ekskursiya tashkil etildi.
Tashrif davomida kursantlar mustabid tuzum davrida xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir sinovlar, siyosiy qatag‘onlarning ayanchli oqibatlari, millat ozodligi va taraqqiyoti yo‘lida kurashgan ajdodlarimizning hayoti hamda faoliyatiga oid tarixiy materiallar bilan tanishdilar.
Muzey ekspozitsiyalarida namoyish etilgan hujjatlar, fotosuratlar va noyob eksponatlar orqali yurtimiz tarixining murakkab sahifalari, qatag‘on qurbonlarining fojiali taqdiri hamda millat ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan ziyolilarimizning jasorati haqida keng tasavvurga ega bo‘ldilar.
Mazkur ma’rifiy sayohat yoshlarning milliy o‘zlikni anglash, istiqlol va erkinlikning qadriga yetish, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash jihatidan ahamiyatli bo‘ldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati