Aholi orasida ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “Botirma” va “Katta Qozirobod” mahalla fuqarolar yig‘inida uchrashuvlar tashkil etishdi. Mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar va yoshlar masalalari yetakchilari hamda profilaktika inspektorlari ishtirok etgan ochiq muloqotda hududlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash hamda jinoyatchilikni jilovlash masalasi muhokama markazida bo‘ldi.
Targ‘ibotda fuqarolarning huquqiy dunyoqarashini yuksaltirish, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasi ustuvor vazifalardan ekanligi, huquqiy targ‘ibot tizimining samarali mexanizmlari yaratilganligiga qaramay, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligi aytildi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining “2022-2023-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi orasida qonunga hurmat qilish madaniyatini shakllantirish, mavjud muammolarni manzilli hal etishda “O‘rikzor” mahallasi misolida yaratilgan “fuqarobay” ishlash metodikasini keng targ‘ib qilish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Bundan tashqari, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tomonidan Yunusobod tumanidagi “Ahmad Donish” mahallasida ham uchrashuv o‘tkazilib, profilaktika inspektorlari faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etish borasida fikr almashildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati