IIV Akademiyasining Avtomobil tayyorgarligi kafedrasi tashabbusi bilan poytaxtning Yunusobod tumanidagi 274-o‘rta umumta’lim maktabida bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda piyodalar, yo‘lovchilar, haydovchi va boshqa harakat qatnashchilarining vazifa hamda majburiyatlari haqida o‘quvchilarga ma’lumot berildi. Yo‘llarning qatnov qismini kesib o‘tishda piyodalar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qoidabuzarliklar amaliy misollar yordamida tushuntirildi.
Shuningdek kafedra tomonidan kunduzgi ta’lim 224-o‘quv guruhi kursantlari uchun “Yo‘l-transport hodisasi joyini o‘rganishning xususiyatlari” mavzuida amaliy mashg‘ulot tashkil qilindi. Unda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik A.Abdullajonov mavzuni amaliy jihatdan yoritib berdi. Tizimga joriy qilinayotgan yangi texnologiyalar, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda xorijiy mamlakatlar tajribasini borasida bildirilgan mulohazalar kursantlar uchun foydadan xoli bo‘lmadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati