“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbir kursantlarning adabiyotga, kitob mutolaasiga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasining ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoira Guljamol Asqarova, Gulbahor Jumayeva, “Jadid” gazetasi adabiy xodimi Iftixor Xonxo‘jayev qatnashdi.
Taniqli adiblar adabiyot va so‘z qadri, komil inson tarbiyasi, Vatanni sevish, yurtga daxldorlik bilan yashash, kitobga oshno bo‘lish xususida mulohaza yuritib, o‘z ijod namunalaridan yoshlarni bahramand etdilar. “Ma’rifat ulashib” tadbirlari yoshlar bilan muloqot qilish, ularning ma’naviy olamini boyitishda mustahkam ko‘prik bo‘layotgani e’tirof qilindi.
Uchrashuv davomida iqtidorli kursantlar ham she’riy chiqishlari va sahna ko‘rinishlari bilan yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdilar.
Shu kuni mehmonlar akademiya faoliyati bilan tanishib, ta’lim jarayonidagi yangilanishlar, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati