IIV akademiyasida “Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida ta’lim sifatini oshirish tendensiyalari: muammo va yechimlar” mavzuiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik Ta’lim jarayonini tashkil etish boshqarmasi vakillari, joylardagi o‘quv muassasalari rahbarlari, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh kadrlar, soha mutaxassislari va boshqalar ishtirok etdi.
Anjumanni akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Turg‘un Kuchkarov ochib, ta’limni isloh qilish orqali inson kapitalini rivojlantirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi ekanligi, mazkur konferensiya soha uchun kadrlar tayyorlash masalasidagi muammolarning amaliy yechimlariga qaratilganini ta’kidlab o‘tdi.
Ishchan ruhda o‘tgan konferensiyada vazirlik ta’lim muassasalari faoliyatidagi yutuq va muammolar, akademik litseylarda o‘quv-metodik jarayonni muvofiqlashtirishning bugungi holati va istiqbollari, hududlarda oliy ta’limga qamrov darajasini oshirish, huquqshunoslik fanlarini o‘qitishda pedagogik innovatsiya va innovatsion faoliyat uzviyligini ta’minlash, o‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Ayni faoliyatdagi dolzarb masalalar, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Akademik litseylarda ta’lim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlashning yaxlit va uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish borasida taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati