Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Ta’limdagi ustuvor masalalar muhokama qilindi

16 Iyun 2023, 09:06

918

Bugungi global sharoitda ta’lim tizimini kompleks isloh qilish, kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish masalasi tobora dolzarblashmoqda.

IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy konferensiya zamonaviy taraqqiyotning muhim mezoni sanalgan ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga bag‘ishlandi. Unda vazirlik tasarrufidagi o‘quv va malaka oshirish muassasalari vakillari, soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Anjuman avvalida Akademiya O‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik To‘lqin Mamatqulov so‘zga chiqdi. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining muhim qarorlari asosida ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimi isloh qilinib, uzluksiz jarayon yo‘lga qo‘yilgani, Yangi O‘zbekiston sharoitida ta’limning barcha bosqichlarida innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish zarurati tobora kuchayib borayotgani ta’kidlandi.

“Sifatli ta’lim – davlat va jamiyat taraqqiyotining asosiy omili” mavzuyidagi anjuman istiqboldagi ustuvor vazifalar bilan bir qatorda, sohadagi ayrim muammolar yuzasidan fikr almashish imkonini berdi. So‘zga chiqqanlar “Ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlar tayyorlashning dolzarb yo‘nalishlari”, “Ta’limning sirtqi shaklida mutaxassis kadrlar tayyorlashning hozirgi holati va istiqbollari”, “An’anaviy ta’limdagi muammolar va ta’lim sifatini oshirish”, “Milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilari ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni” mavzuida ma’ruza qilib, o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech