Ustozu murabbiylarning ilmu ma’rifati, kamtarona va oliyjanob xizmatlari faqat ezgulikka yo‘g‘rilgan. Shu bois, ularni har qancha ulug‘lasak, sharafli mehnatiga tahsin aytsak, shuncha oz.
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan IIV Akademiyasida o‘tkazilgan bayram tadbiri soha fidoyilarining sha’niga yo‘llangan iliq tilaklar bilan boshlandi. Akademiya rahbari yangilanayotgan yurtimizda o‘qituvchilarning obro‘yi va nufuzini oshirish, jamiyatdagi maqomini ko‘tarish yo‘lida olib borilayotgan ulkan islohotlarni e’tirof etib, soha jonkuyarlarini qizg‘in tabrikladi.
– Hech bir inson yo‘qki, ustozidan ta’lim-tarbiya yoki hayot saboqlarini olmagan bo‘lsa. Barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishimiz, kasb-hunar o‘rganib, hayotda munosib o‘rin topishimizda ularning hissasi beqiyos. Bugun “O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak!” degan g‘oya islohotlar jarayonining bosh tamoyiliga aylangan. Chunki ustoz va murabbiylar faqat yoshlarga ta’lim beruvchi zot emas, millat tarbiyachilari hamdir, – dedi o‘quv muassasasi boshlig‘i Rustam Xatamov.
Tadbirda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, ilmiy-pedagogik faoliyatga innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar e’tirof qilindi.
Ta’lim muassasasi rahbari mamlakatimiz uchun har tomonlama yetuk va barkamol, ma’nan va axloqan pok, vatanparvar kadrlarni tarbiyalash islohotlarning ustuvor maqsadi ekanligini ta’kidlab, samarali faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilarni Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari bilan taqdirladi.
Shuningdek, ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarga “Eng yaxshi ta’lim va fan sohasidagi boshqaruvchi”, “Eng yaxshi ixtisoslashtirilgan kafedra o‘qituvchisi”, “Eng yaxshi umumta’lim kafedra o‘qituvchisi”, “Eng yaxshi innovatsiya va axborot texnologiyalarni qo‘llaydigan o‘qituvchi”, “Eng yaxshi dotsent”, “Eng yaxshi professor”, “Eng yaxshi o‘quv guruhi kuratori”, “Eng yaxshi o‘quv yordamchi xodim”, “Eng yaxshi saf qismi xodimi” nominatsiyalari bo‘yicha diplomlar topshirildi.
Akademiya badiiy havaskorlik jamoalarining konsert dasturi tadbirga bayramona fayz bag‘ishladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati