Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan poytaxtimizdagi ta’lim muassasalarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bo‘lib o‘tgan tadbir giyohvandlik illatiga bag‘ishlandi. Unda so‘zga chiqqanlar giyohvandlik vositalarining turlari, yoshlar orasida tarqalish yo‘llari, ushbu illatga ruju qo‘yishning salbiy oqibatlari, mamlakatimizda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng qavrovli chora-tadbirlar haqida ma’ruza qildilar.
Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga qarashli talabalar turar joyida o‘tkazilgan uchrashuv ham qiziqarli o‘tdi. Yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar, sud-huquq tizimidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, yangilanayotgan jamiyatimizda yoshlarning o‘rni, Vatanga muhabbat va sadoqat, daxldorlik tuyg‘ularining ahamiyati haqida so‘z bordi.
Targ‘ibot tadbirlari davomida talaba yoshlar huquqiy bilimlarini boyitib, o‘zlari qiziqqan savollarga javob olishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati