Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Taklif va muammolar tinglandi

13 May 2023, 03:05

932

IIV Akademiyasi Iqtidorli kursantlar kengashining navbatdagi hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov ishtirok etdi. 

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan yig‘ilish avvalida kengash raisining hisobot ma’ruzasi tinglandi. Kengash a’zolariga berilgan vakolat va imtiyozlar doirasida ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, shu bilan birga, kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Akademiya boshlig‘i yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan yangi tizim ijobiy samara berayotganini ta’kidladi. Iqtidorli kursantlarning faol tashabbus va intilishlari natijasida yoshlarga oid ko‘plab masalalar yechim topgani qayd etildi.

– Mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar yoshlardan yuksak bilim va salohiyatni, yurtga daxldor, vatanparvar, shijoatli bo‘lishni talab etmoqda, – dedi o‘quv muassasasi rahbari. – Buning uchun kursantlarimiz islohotlarning mazmun-mohiyatini anglagan holda davr bilan hamnafas bo‘lishlari, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning mustahkam tayanchiga aylanishlari kerak.

Muloqot davomida yoshlarni o‘ylantirayotgan muammolar ham chetda qolmadi. Guruh yetakchilari oldiga “kursantbay” tizim orqali faoliyatni kuchaytirish, iqtidorli yoshlar safini yanada kengaytirish, “tengdosh – tengdoshga” tamoyili asosida kursantlar bilan manzilli ishlash, ularning kasbiy va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish kabi vazifalar qo‘yildi.

Shu kuni kengash a’zolaridan Akmal Salayev, Kamronbek Ismoilov, Shavkat Musreddinov, Rahmatilla Jamoliddinov va boshqalar so‘z olib, tengdoshlari nomidan qator taklif va tashabbuslarni bildirishdi. Tadbir so‘nggida yangi qabul qilingan a’zolarga “Iqtidorli kursant” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech