IIV Akademiyasida “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatidagi dolzarb muammolar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Manfaatdor vazirlik va tashkilotlar, yetakchi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohadagi davlat siyosatining istiqbolli yo‘nalishlari asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti, Yo‘l harakati xavfsizligi muammolarini o‘rganish markazi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bojxona instituti, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, IIV Akademiyasi vakillari so‘zga chiqqan konferensiyada “Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etish samaradorligi”, “Yo‘l harakati xavfsizligi muammolari va ularning yechimlari”, “Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatida prokuratura organlarining vazifalari”, “Jamoat xavfsizligini ta’minlashda bojxona va ichki ishlar organlari hamkorligi”, “Jamoat xavfsizligi ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatida “Miranda qoidasi” xalqaro standartini qo‘llash”, “Zamonaviy sharoitda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish samaradorligi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Mutaxassislarning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari asosida jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati