Yurtimiz xotin-qizlarining salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ichki ishlar organlarida ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, Ichki ishlar vazirligining farmoyishi bilan respublikamiz bo‘ylab kasbiy tayyorgarlik oyligi e’lon qilingan edi. Joriy yilning 4-5-oktabr kunlari IIV Akademiyasida o‘tkazilgan musobaqa xotin-qizlar o‘rtasida sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bellashuvda tarkibiy tuzilmalar xodimalaridan iborat 7 ta jamoa g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Ishtirokchilar arqon tortish, estafetali yugurish, jangovar qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish, shashka bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish qildilar. Muhimi, sport tadbiri xotin-qizlarning jargovar va jismoniy tayyorgarligini yanada oshirishga xizmat qildi.
Musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimida o‘quv dargohi rahbariyati, xotin-qizlar kengashi faollari, tadbir tashkilotchilari va kursantlar ishtirok etdi. Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov so‘z olib, aholi salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga ustuvor e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdi.
– So‘nggi yillarda xotin-qizlar masalalari davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. O‘quv dargohimizda ayol xodimalar ta’lim jarayonidagi islohotlarga munosib hissa qo‘shishmoqda. Bunday musobaqalar xodimlarimizning vatanparvarlik, fidoyilik, daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirish barobarida, ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘ladi, – dedi Akademiya boshlig‘i.
Shundan so‘ng sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati