Boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar singari ichki ishlar organlarida ham xodimlarning jismoniy tayyorgarligiga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida shaxsiy tarkibning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasi qoshidagi sport zallari, yugurish maydoni va trenajyor zali xodimlar bilan muntazam band.
Majmuada sportning sambo, dzyudo, kurash, jangovar sambo, armrestling, qo‘l jangi, boks, og‘ir va yengil atletika turlaridan mashg‘ulotlar olib boriladi. Har bir sport yo‘nalishiga malakali murabbiylar biriktirilgan bo‘lib, bu ham mashg‘ulotlar sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, xodimlar ishdan bo‘sh vaqtlarida futbol, voleybol, stol tennisi va suzish bilan shug‘ullanib, sog‘lom turmush tarzini yanada ommalashtirishda faollik ko‘rsatib kelishmoqda.
Kadrlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Bobur Dadajonovning aytishicha, shahodatlangan professor-o‘qituvchilar, xodimlar va xotin-qizlarning jismoniy shug‘ullanishlari uchun jadval ishlab chiqilgan. Mashg‘ulotlar jarayonida ularning yosh toifasi, vazn me’yoriga ham alohida e’tibor qaratiladi. Har oy yakunida esa o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yakuni bo‘yicha sinovlar qabul qilinadi.
So‘nggi yillarda Ichki ishlar vazirligi hamda harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalari tizimida sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazish o‘ziga xos an’anaga aylandi. Mazkur musobaqalarda Akademiya xodimlarining faol ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy olib kelayotgani, quvonarli hol albatta.
Muxtasar qilib aytganda, jismoniy tarbiya va sport kasbiy tayyorgarlikning ajralmas qismi sanaladi. Xodimlar bilan olib borilayotgan mashg‘ulotlar salomatlik garovi bo‘lishi bilan birga, ularning jismoniy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati