Sobiq Toshkent oliy militsiya maktabini bitirgan kursantlar o‘zlari ta’lim olgan ta’lim maskanida uchrashdilar.
Diydorlashuv tadbiri maroqli suhbat va taassurotlarga boy o‘tdi. Mehmonlar ta’lim maskani hayotida ro‘y bergan o‘zgarishlar, yangidan barpo etilgan bino va inshootlar bilan tanishdilar. So‘nggi yillarda o‘quv jarayoniga tatbiq qilingan yangilanishlar haqida ma’lumot berildi.
– Oliy maktabni tamomlaganimizga o‘ttiz bir yil bo‘libdi, – deydi Xo‘jand shahridan kelgan iste’fodagi mayor Amon G‘oziyev. – Ta’lim maskanining zamonaviy qiyofasini ko‘rib, chindan hayratlandim. Biz o‘qigan sharoitlar bilan hozirgi imkoniyatlarni mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi. Shunday ulug‘ dargohda ta’lim olib, hayotda o‘z o‘rnimni topdim. Bugungi tadbir bahonasida yoshi ulug‘ ustozlarimiz bilan dildan suhbat qurdik.
Uchrashuvda kursantlik davrining iliq xotiralari yodga olindi. Sobiq bitiruvchilar Akademiyaning diqqatga sazovor maskanlarida suratga tushib, uchrashuvni tarixga muhrladilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati