IIV Akademiyasining Sirtqi ta’lim fakultetida o‘qish istagidagi nomzodlar uchun kirish imtihonlari boshlandi.
Ma’lumki, Sirtqi ta’lim fakultetiga oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli xodimlar qabul qilinadi. Buning uchun ular huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida uch yillik xizmat stajiga ega bo‘lishi kerak.
Joriy yil fakultetga 1500 nafardan ortiq nomzod hujjat topshirdi. Ular orasida ichki ishlar organlari bilan birga, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar xodimlari bor. Imtihonlar komleks test sinovidan iborat maxsus kasbiy tanlov hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbat tarzida o‘tkazilmoqda. Unga ko‘ra, maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tganlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbatda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Aytish joizki, Prezidentimizning “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida fakultetda o‘qish muddati oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun 4 yil, oliy ma’lumotli shaxslar uchun esa 3 yil etib belgilangan.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati