Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

SINGAPUR AKADEMIYASI BILAN HAMKORLIK YO‘LGA QO‘YILDI

17 Dekabr 2024, 09:12

98

Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbari Rustam Xatamov boshchiligidagi delegatsiya Singapurda bo‘ldi.

Mamlakatimiz vakillari dastlab Singapur Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib, ta’lim muassasasi rahbari Anvar Abdulloh bilan uchrashdilar.

Muloqot chog‘ida hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Anvar Abdulloh davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ko‘p qirrali hamkorlikka mustahkam asos bo‘layotganini alohida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, Singapur – O‘zbekiston aloqalarida ta’lim sohasi yetakchi o‘rinni egallaydi. Hozirgi murakkab sharoitda kadrlar tayyorlash yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajribalarni o‘rganish tomonlar manfaatiga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, delegatsiyamiz rahbari Rustam Xatamov keyingi yillarda O‘zbekiston va Singapur munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, hamkorlikning yangi istiqbollari ochilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. “Singapur zamonaviy sohalarda jadal taraqqiyotga erishayotgan mamlakat. Ayniqsa ta’lim, korrupsiyaga qarshi kurashish, kiberxavfsizlik, IT texnologiyalar singari yo‘nalishlarda ulkan salohiyat va tajribaga ega. Bugungi tashrif mazkur sohalardagi yutuqlarni o‘rganish va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgani bilan ahamiyatli”, dedi u.

Qizg‘in muloqotdan so‘ng Singapur hukumati va Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirokida keng doirada uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning favqulodda va muxtor elchisi Alisher Qayumov ham qatnashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Singapur o‘rtasidagi munosabatlar, o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, jahonda yuzaga kelayotgan geosiyosiy jarayonlar fonida global va mintaqaviy xavfsizlik masalalari, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash borasida fikr almashildi.

Shundan so‘ng ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar o‘zaro tajriba almashish, kadrlar salohiyatini oshirish, ilmiy yutuqlarni ommalashtirish va boshqa shu kabi yo‘nalishlarda kelishuvga erishdilar.

Aytish joizki, xorij safari davomida vakillarimiz Singapur IIV akademiyasi bilan bir qatorda, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Kiberxavfsizlik agentligi faoliyati bilan tanishdilar. Ta’lim jarayonidagi ilg‘or yondashuvlar, politsiya amaliyotiga joriy qilingan innovatsion tizimlar, “Anti-Scam” va boshqa dasturlar, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar taqdimot tarzida namoyish qilindi.

Tashrif yakunida uchrashuv va muloqotlar har ikki tomon uchun samarali va shu bilan birga, kelgusidagi hamkorlik yo‘lida muhim qadam bo‘lgani e’tirof etildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech