Futbol bo‘yicha harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi musobaqaning 2-tur o‘yinlari shiddatli bahslarga boy o‘tdi.
Dastlab IIV Akademiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti jamoalari maydonga tushdi. Prinsipial raqiblar birinchi turda ishonchli g‘alaba qog‘ongani tufayli uchrashuvga qiziqish yuqori edi. O‘yin ham shunga mos ravishda o‘tdi. Ilk daqiqalarda hujumga otlangan mehmonlar hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Ko‘p o‘tmay vakillarimiz penaltidan urilgan gol evaziga maydondagi tenglikni ta’minladilar. Murosasiz o‘tgan o‘yinning birinchi taymida muxlislar yana ikkita gol ko‘rishdi, 2:2!
Ikkinchi taym jamoamizning shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Raqib jarima maydoni atrofida yaratilgan vaziyatlar tobora xavfli tus oldi. Bu esa o‘yindagi ruhiy ustunlikka ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ketma-ket uyushtirilgan hujumlarning birida terma jamoamiz futbolchisi Xayrulla Azimxo‘jayev “katta sahna”ga chiqdi. Uning chamasi 10 metr masofadan qaychi usulida yo‘llagan zarbasi supergolga aylandi. Shundan so‘ng Jamoat xavfsizligi universiteti futbolchilari katta kuch bilan oldinga tashlanishdi. Biroq hisobni tenglashtirish ularga nasib qilmadi. Shu tariqa keskin uchrashuv 3:2 hisobida IIV Akademiyasi foydasiga hal bo‘ldi.
Kunning ikkinchi bahsida Bojxona instituti va Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi jamoalari kuch sinashdi. Jangovar o‘yin durang (1:1) bilan yakunlandi. Uchinchi o‘yinda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti futbolchilari Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etishdi. Turnir davom etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati