Joriy yilning 27-oktyabr kuni yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Ushbu siyosiy tadbirga Qashqadaryo viloyatida ham qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Ayni kunlarda hududiy saylov komissiyasi tasarrufidagi 16 ta tuman-shahar saylov komissiyalari, 60 ta okrug saylov komissiyasi hamda 1038 ta saylov uchastkasida barcha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, bu yilgi saylovlar mamlakatimiz tarixida ilk bor aralash saylov tizimida o‘tkaziladi. Muhim siyosiy tadbir oldidan joylarda interfaol mashg‘ulotlar tashkil qilinib, amaldagi mezonlar yetkazilmoqda. Xususan, IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan dastlab hududiy trenerlar o‘qitilgan bo‘lsa, keyingi bosqichda tuman-shahar va okrug saylov komissiyalari raislari, o‘rinbosarlari va kotiblarining bilim hamda ko‘nikmalari oshirildi.
Ayni kunlarda hududiy trenerlar bilan birgalikda uchastka saylov komissiyasi raislari, ularning o‘rinbosarlari hamda kotiblari uchun saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazilmoqda. Bunda siyosiy jarayonning mohiyati va huquqiy asoslari, saylov tizimidagi yangiliklar, aralash saylov tizimining o‘ziga xos xususiyatlari, saylov komissiyalari faoliyatining asosiy jihatlari, bu boradagi muhim talablar hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Respublika trenerlarining ta’kidlashicha, interfaol mashg‘ulotlar viloyatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tarzda tashkil qilinadi. Bu ham saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar, ilg‘or milliy va xorijiy tajribalar asosida o‘tkazishga xizmat qiladi, albatta.
IIV akademiyasi Axborot xizmati