15-18-aprel kunlari Ichki ishlar vazirligi akademiyasida xalqaro seminar-trening tashkil qilindi.
Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik bosh boshqarmasi vakillari o‘tkazgan mashg‘ulotlarda ichki ishlar organlaridan tergov va jinoyat-qidiruv xizmati xodimlari hamda akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Tajribali mutaxassislar tomonidan jinoiy faoliyatni moliyalashtirishga qarshi kurashish, undan olingan daromadlarni legallashtirish, hozirgi sharoitda yuzaga kelayotgan yangi turdagi jinoyatlar, ularni tergov qilish metodikalari ilg‘or tajribalar asosida tushuntirildi. Shuningdek, xalqaro va milliy huquq tizimining o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr almashildi.
Seminar-trening yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda Turkiya Respublikasi elchixonasining ichki ishlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari Semih Okyar va Murat Karausta ishtirok etdi. Mehmonlar ikki tomonlama hamkorlikning jadal faollashayotgani zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashish imkonini berayotganini e’tirof etishdi.
Ishtirokchilarga sertifikat berilganidan so‘ng turkiyalik mutaxassislar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati