IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tgan sayyor sud jarayonida jinoiy qilmishlarni sodir etgan shaxslarning xatti-harakatiga huquqiy baho berildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor, Sergeli va Yangihayot tumanlari sudi tomonidan o‘tkazilgan majlisda firibgarlik, bezorilik, voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish, shuningdek o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlariga qo‘l urgan kimsalarning qilmishi muhokama qilindi. Tomonlarning da’volari tinglangach, aybdorlarga tegishli hukm o‘qildi.
Shundan so‘ng soha vakillari tomonidan sud-huquq tizimidagi yangilanishlar, xususan, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odil sudlov sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
– Sayyor sud majlislarining foydali jihatlari ko‘p, – deydi Akademiyaning 3-bosqich kursanti Muhammadmirzoxon A’loxonov. – Xususan, ayblov xulosasi bilan yuborilgan ishlarning sud jarayonida surishtiruv va dastlabki tergov bosqichining ahamiyati, protsessual harakatlarni amalga oshirishda qonun talablariga rioya etish yuzasidan zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lamiz. Bu ham nazariy bilimlarni amaliyotda oqilona qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.
Ochiq muloqotda “tergov faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati