Farg‘ona viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi boshlandi.
Mashg‘ulotlarga ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish bo‘linmalari hamda prokuratura tizimi xodimlari jalb qilingan.
O‘quv kursi avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil qilingan mazkur tadbirning maqsadi va dolzarb ahamiyati ta’kidlab o‘tildi. Shundan so‘ng mashg‘ulotlar boshlab yuborildi.
Ikki kunlik o‘quv kursi davomida tinglovchilar Inson huquqlari milliy markazi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti vakillarining dolzarb mavzudagi ma’ruzalarini tinglash, sohaga oid ilg‘or tajribalar yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniga ega bo‘ladilar.
O‘quv kursi yakunida har bir ishtirokchidan sinov qabul qilinib, undan muvaffaqiyatli o‘tgan xodimlarga sertifikat beriladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati