Navoiy viloyati IIBda profilaktika inspektorlarining faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan “Sayyor Akademiya” o‘quv kursi doirasida dastlabki mashg‘ulotlar tashkil etildi.
O‘quv kursidan ko‘zlangan maqsad jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish faoliyatida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida soha vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishdir.
IIV Akademiyasining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan mahallalarda ijtimoiy profilaktika sub’ektlarining faoliyatini samarali tashkil etish, sodir etilgan huquqbuzarlikni malakalash (huquqiy baho berish), protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi ob’ektlari bilan manzilli profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish va boshqa muhim yo‘nalishlarda interfaol mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, profilaktika inspektorlari jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha hududlarning o‘ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda tayyorlangan metodik qo‘llanmalar taqdimoti bilan tanishdilar.
Sayyor mashg‘ulotlarni respublikamizning barcha hududlarida tashkil etish rejalashtirilgan.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati