IIV Akademiyasining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan hududiy profilaktika inspektorlari uchun sayyor mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan mashg‘ulotda barcha profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.
Soha vakillariga “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining mazmun-mohiyati, mahallalarda ijtimoiy profilaktikani tashkil etish, bu borada “mahalla yettiligi” a’zolarining vazifalari, ijtimoiy profilaktika doirasida amalga oshiriladigan keng qamrovli chora-tadbirlar, shuningdek, aholi murojaatlari bilan ishlash, huquqbuzarliklarni malakalash, protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi obyektlari bilan ishlarni manzilli tashkillashtirish, xizmat jarayonida yuzaga keladigan muammoli vaziyatlarni yengib o‘tish borasida tushunchalar berildi. Mashg‘ulot yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Xuddi shunday mashg‘ulot Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida ham tashkil qilindi. Akademiyaning Tergov faoliyati, Xizmat psixologiyasi va kasbiy madaniyati, Fuqaroviy-huquqiy fanlar, Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati kafedralari professor-o‘qituvchilari tomonidan interfaol yondashuvlar asosida o‘tkazilgan mashg‘ulot davomida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni jilovlash yuzasidan kasbiy ko‘nikmalar oshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati