Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Saylov va yoshlar” mavzuida uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbir yoshlarning saylov qonunchiligi borasidagi bilimini yuksaltirish, mamlakatimizda kechayotgan keng qamrovli islohotlar va siyosiy jarayonlarga daxldorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, Yoshlar ittifoqining Toshkent shahar hududiy kengashi, IIV akademiyasidagi 100-saylov uchastkasi vakillari hamda kursantlar ishtirok etgan tadbirda saylov tizimidagi yangiliklar, aralash saylov tizimining o‘ziga xos xususiyatlari va avvalgi saylovlardan farqi, Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovini yuqori saviyada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, bu yilgi saylovda 6,5 million nafar yoshlarning ishtirok etishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 506 ming 825 nafar yoshlar birinchi marotaba saylovda qatnashadilar. Uchrashuvda so‘z olganlar ushbu siyosiy jarayonning muhim ahamiyatiga to‘xtalib, yoshlarni faollikka chorladilar.
Kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati