Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish borasidagi keng qamrovli ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Buxoro shahrining “Piridastgir” mahallasi “qizil” toifadagi hududga kiritilgan edi. Jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha “fuqarobay” ishlash metodikasining amaliyotga tatbiq etilgani natijasida mahallada kriminogen vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi.
IIV Akademiyasi ishchi guruhi vakillari tomonidan mazkur mahalladagi muammolar, sodir etilgan jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlari o‘rganilib, manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ma’lum bo‘lishicha, “Piridastgir” mahallasida jinoyatlarning ayrim turlari sezilarli darajada kamaygan, biroq firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan.
Mahallaning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar sektorlar vakillari, mahalla raisi va faollari, profilaktika inspektorlari joyiga chiqqan holda atroflicha muhokama qilindi. Kelgusida jinoyatchilik va huqubuzarliklarning barvaqt oldini olish, xususan, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqilgan “Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning “fuqarobay” ishlash metodikasi”ni faoliyatga samarali tatbiq etish yuzasidan targ‘ibot tadbirlari olib borildi.
Shuningdek joylarda viloyat IIB rahbariyati, sohaviy xizmatlar hamda shahar-tuman ichki ishlar organlari boshliqlari, hududiy profilaktika inspektorlari va mahalla raislari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilib, kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish, “Piridastgir” mahallasi misolida tayyorlangan metodikani hududlarda keng joriy qilish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati