Bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalar va axborot-ma’lumot tizimlari jadal tatbiq qilinmoqda. Bu esa tizim samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
IIV Akademiyasi magistraturasida ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Zufar Qurbonov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining dolzarb ahamiyati, bu borada amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar, shuningdek, kelgusidagi rejalar xususida so‘z bordi. Bugungi globallashuv sharoitida raqamli texnologiyalarning ko‘lami va imkoniyati tobora oshib borayotgani, sun’iy intellekt yordamida faoliyat ko‘rsatadigan tizimlar orqali tizim faoliyati yanada takomillashib borayotgani ta’kidlandi.
Vazir o‘rinbosari yana bir muhim jihat sanalgan axborot xavfsizligini ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, tizimni raqamlashtirish va kiber tahdidlardan himoyalanish bo‘yicha rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalari asosida jadal ishlar qilinmoqda. Bu nafaqat tizim faoliyati, balki fuqarolarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini ham oshiradi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati