Jonajon O‘zbekistonimizning davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida o‘tkazilgan rasmlar tanlovi shunday nomlandi.
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Ichki ishlar vazirligi akademiyasidagi boshlang‘ich tashkiloti, Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish bo‘limi hamda o‘quv-saf qismi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda bir guruh iqtidorli kursantlar qatnashdi.
– Tanlovning ahamiyati juda yuqori, – deydi 1-bosqich kursanti Samira Sirayeva. – Chunki davlat ramzlariga e’tibor, avvalo, ona yurtimizga bo‘lgan yuksak ehtiromning namunasidir. Har bir inson o‘z Vatanini cheksiz mehr-muhabbat bilan sevishi, muqaddas timsollarini ardoqlashi kerak.
Ishtirokchilar milliy g‘urur va iftixorimiz ramzi bo‘lgan bayrog‘imizning purviqor salobatini mahorat ila tasvirlab berdilar. Tanlov yakunida esa eng sara ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli shoirlar so‘z olib, yurtimizdagi ulkan yangilanishlar jarayonida milliy adabiyotimizga qaratilayotgan yuksak e’tibor, boy adabiy merosimizni o‘rganish va kelgusi avlodlarga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi ishlar haqida to‘xtalib o‘tishdi. Mehmonlar va iste’dodli kursantlar o‘z ijod namunalaridan yod aytishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati