Bilim egallash yo‘lidagi sa’y-harakat bezavol ketmaydi. O‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash esa ertangi kunimizga mustahkam poydevor hozirlaydi.
IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi tashabbusi bilan Akademiyaning kunduzgi ta’lim kursantlari uchun uchrashuv tashkil qilindi. “Ma’naviyat oyligi” doirasida “Faqat bizga ishongin, Vatan!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir yoshlarga chinakam motivatsiya berdi.
Uchrashuvda bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik O‘tkir Qosimov so‘z olib, yoshlar ta’lim-tarbiyasi muhtaram Prezidentimizning e’tibor markazida bo‘lgan ustuvor masalalardan biri ekanligini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birga quramiz!” degan ulug‘vor g‘oya mustaqil fikrga ega, dunyoqarashi keng, ilg‘or bilimli o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashda muhim dasturilamal bo‘layotgani e’tirof qilindi. Ayniqsa so‘nggi yillarda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida Akademiya ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlar joriy qilinib, kursantlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi.
Shu kuni tadbir ishtirokchilariga ShXBB Ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish qilindi. O‘qishdagi faol intilishi, yetuk ma’naviy-axloqiy fazilatlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan kursantlarning ona-onalariga minnatdorlik xatlari berilgani aks etgan lavhalar yoshlar uchun kutilmagan rag‘bat bo‘ldi.
Uchrashuv so‘nggida har bir kursant iqtidorli tengqurlaridan ibrat olib, o‘z bilim salohiyati va kasbiy fazilatlarini doimiy ravishda shakllantirib borishi kerakligi ta’kidlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati