Ichki ishlar vazirligi akademiyasida olima ayollar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuv kursant qizlarga katta motivatsiya berdi.
Tadbirga “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faoli Feruza Muhitdinova, “Oqila ayollar” harakati a’zosi Matluba Qahhorova, malakali psixologlar Dildora Dadaxodjayeva va Nilufar Ergasheva taklif etildi.
Uchrashuv avvalida akademiya boshlig‘ining saf qismi bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Sherzod Tadjimetov so‘z olib, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qizlar ta’lim-tarbiyasiga ustuvor vazifalar qatorida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda yangilanayotgan jamiyatimizda xotin-qizlarning o‘rni, qizlar ta’lim-tarbiyasidagi muhim jihatlar, milliy o‘zligimizga xos qadriyat va an’analar, yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar, qizlarni o‘qitish, kasb-hunarli qilish va turmushga tayyorlash masalalari xususida so‘z bordi.
– O‘quv dargohimizda qizlar uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Dasrdan bo‘sh vaqtimizda o‘quv kurslari tashkil qilingan bo‘lib, tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa hunarlarni o‘rganib kelayapmiz. Ma’rifatparvar bobolarimiz “qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim”, deya bejiz aytishmagan, – deydi kunduzgi ta’lim 3-o‘quv kursi kursanti Sarvinoz Husanova.
Tadbirda so‘z olganlar bilim va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kursantlarga zarur maslahat hamda psixologik tavsiyalar berdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati