Sog‘lom avlod – yurt kelajagi. Ayniqsa qizlarni barkamol voyaga yetkazish, ularning salomatligini asrab-avaylash, jismoniy qobiliyatini rivojlantirish davlatimizning doimiy e’tiborida.
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan IIV Akademiyasida o‘tkazilgan musobaqada kursant qizlar stol tennisi, yugurish, shashka, jangovar quroldan foydalanish hamda merganlik mahorati bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, har bir ishtirokchi shaxsiy birinchilik uchun bellashdi. Birinchi o‘rin sohibi eng yaxshi natijani qayd etgan qizlar orasidan saralab olindi. Qizg‘in kurashlarga boy o‘tgan musobaqa yakunida quyidagilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Jumladan, stol tennisi bahslarida 126-guruh kursanti Munira Suyundiqova, 100 metrga yugurishda 138-guruh kursanti Miyasar Kushmuratova, shashka bo‘yicha 231-guruh kursanti Hilola Boliqulova, “Makarov” qurolini qismlarga ajratish va yig‘ishda 221-guruh kursanti Maftuna Sultonova, merganlik bahsllarida esa 224-guruh kursanti Sabrina Shakirovaga teng keladigan raqib topilmadi.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, qizlarning jangovar-jismoniy tayyorgarligini yuksaltirish maqsadida tashkil qilingan musobaqa g‘oliblari Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida tadqirlanadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati