Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish xizmati xodimlari uchun “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi.
Malaka oshirish kurslari Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya ijrosini ta’minlash, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish, shuningdek davlatimiz rahbarining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi doirasida o‘tkazilmoqda.
Bugun Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘quv kursining birinchi bosqichi boshlandi. Mashg‘ulotlar avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i Yahyo Abdulhaqov onlayn videomurojaat yo‘llab, o‘quv kursidan ko‘zlangan ustuvor maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tishdi.
O‘quv kursi dasturida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”, “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga oid Fakultativ protokol. Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”, “Voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi” mavzularida ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish nazarda tutilgan.
Ma’ruzalar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov, Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffarjon Mamasidiqov, IIV Akademiyasining Tashkiliy-shtat faoliyati kafedrasi boshlig‘i Olimjon Matchanov, Jazoni ijro etish faoliyati kafedrasi dotsenti Quvonch Qodirov, IIV Malaka oshirish instituti o‘qituvchisi Jahongir Yakubov tomonidan olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, qisqa muddatli o‘quv kurslari joriy yil davomida respublikamizning barcha hududlarida tashkil qilinib, unda ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy ko‘nikmalari oshiriladi. Mashg‘ulotlar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar beriladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati