Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Qasamyod – or-nomus va yuksak sharaf

03 Sentyabr 2024, 09:09

863

Ona Vatanimizni sevish, unga sadoqat bilan xizmat qilish, buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lish Yangi O‘zbekiston yoshlari zimmasidagi sharafli burchdir.

Ana shu ezgu maqsad yo‘lida Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga o‘qishga kirgan yigit-qizlar tantanali ruhda qasamyod qildilar. Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “JAR” stadionida bo‘lib o‘tgan tadbirda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, qator davlat organlaridan mehmonlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov ochib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bilan samimiy qutladi. Shundan so‘ng kursantlar yuksak g‘urur va iftixor bilan sharafli burchni vijdonan bajarishga, chinakam xalqparvar ichki ishlar organi xodimi sifatida ona Vatanimiz va xalqimizga cheksiz sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildilar.

Aytish joizki, joriy yili akademiya kursantlari safiga yetti yuz nafarga yaqin o‘g‘il-qiz qabul qilindi. Kursantlarning boshlang‘ich kasbiy va jangovar-jismoniy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘quv-dala sharoitida mashg‘ulotlar tashkil etildi. Endi ular uch yil davomida zamon talablari darajasida ta’lim oladilar.

Tantanali tadbirda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov so‘zga chiqib, ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, soha uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi.

Muhtaram Prezidentimiz kuni kecha mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda yoshlarga murojaaat qilib, “mamlakatimiz istiqboli, barcha ezgu niyatlarimiz ijobatini biz avvalo sizlarning timsolingizda ko‘ramiz”, deya alohida ta’kidladilar. Shu ma’noda, tizimdagi is’holotlarning amaliy natijasi ham o‘quv muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlarning bilim salohiyati, kasbiga sadoqati, yurtga daxldorlik hissini namoyon etishiga bog‘liq. Bugun xizmat qasamyodini qabul qilib, sharafli yo‘l sari ilk qadamingizni tashladingiz. Zimmangizda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni mukammal egallash, yetuk malakali mutaxassis bo‘lib kamolga yetish, eng muhimi, Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilishdek mas’uliyatli vazifalar turibdi, – dedi Po‘lat Bobojonov.

Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov ham so‘z olib, yoshlarni xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga, Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga da’vat etdi.

– Inson uchun o‘z Vatani, kindik qoni to‘kilgan go‘shadan muqaddas joy yo‘q. Kursant yoshlar muqaddas qasamyodga sodiq qolib, bilim va tafakkur, shijoat va mardlikda buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishlari lozim. Shundagina el-yurtimizning tinch va osoyishta hayotiga hech qanday yovuz kuch rahna sola olmaydi. Zero, farzandlarimizning hayotda mustahkam o‘rin egallab, kelajak maqsadlarga erishishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, – dedi ota-onalar nomidan so‘zga chiqqan Nargiza Mayusupova.

Shu kuni o‘qishdagi yutuqlari bilan tengdoshlariga ibrat ko‘rsatayotgan iqtidorli kursantlar ichki ishlar vaziri hamda “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi stipendiyalarga sazovor bo‘ldi. Bayramona o‘tgan tadbir ona yurtimizni madh etuvchi qo‘shiq bilan ko‘tarinki ruhda yakunlandi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech