IIV Akademiyasida ta’lim olayotgan kursant qizlar uchun motivatsion uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir avvalida saf qismi kurslar boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Maqsuda Xo‘janazarova so‘z olib, mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni e’tirof etib o‘tdi.
Ochiq muloqotda axborot xurujlarining yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’siri, qizlar ma’naviyatini yuksaltirishning asosiy omillari, yoshlarda milliy qadriyatlarga hurmat, kasbga sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish haqida so‘z bordi.
– Aksariyatimiz qizlarni oilaga tayyorlash deganda ularni turmushga uzatishni tushunamiz, – dedi Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi katta o‘qituvchisi, psixolog Ra’no To‘raxo‘jayeva. – Aslida, odobli qiz, oqila ayol va ma’rifatli oila tushunchalari bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu omillar sog‘lom jamiyatning mustahkam asosini tashkil etadi. Uchrashuvda kursantlarimizning kelgusidagi kasbiy faoliyati va oilaviy turmushi uchun foydali bo‘lgan maslahatlar berdik.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati