So‘nggi yillarda mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Ichki ishlar organlarining mazkur faoliyatini samarali tashkil etish yetuk malakali kadrlarga bog‘liq.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlari Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari vakillari, Huquqbuzarliklar profilaktikasi va kriminologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olayotgan kursantlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Akademiya boshlig‘i yordamchisi, polkovnik Ismoil Himmatov tizimdagi izchil islohotlar, xususan, hududlarda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektoridan iborat beshlik faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani jamiyatimiz farovonligiga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Ochiq muloqotda profilaktika katta inspektori, mayor G‘. Mardiev, profilaktika inspektori, kapitan A. Rahmonov so‘zga chiqib, har bir mahalla, oila hamda shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish, “fuqarobay”, “oilabay” va “mahallabay” ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini ta’minlash, shuningdek aholining “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari”ga kiritilgan qatlami bilan manzilli ishlash bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli profilaktik ishlar haqida gapirib berishdi.
Mazkur faoliyatni takomillashtirishda jinoyatchilikni “ilmiy diagnoz” orqali oldini olishga alohida e’tibor qaratilib, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan metodik qo‘llanmalar hududlarda samarali tatbiq qilinayotgani ta’kidlandi. O‘quv dargohida tahsil olayotgan bo‘lajak profilaktika inspektorlariga muhim tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan tayyorlangan tahliliy videorolik namoyish etildi. Soha vakillari kursantlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati