Yangi yil bayrami munosabati bilan xizmat vaqtida halok bo‘lgan soha xodimlarining farzandlariga mehr-muruvvat ulashildi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov ishtirok etib, barchani bayram bilan tabrikladi.
Yosh avlodni sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan ekanligi, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar natijasida soha xodimlarining farzandlari uchun munosib shart-sharoit va imtiyozlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
– Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik oilamizga chinakam bayramona kayfiyat bag‘ishladi, – deydi marhum Ahmadjon Otamurodovning farzandi Shahrizoda Rayimberdiyeva. – Otamning sharafli kasblariga hamisha havas qilaman. Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ayni paytda a’lo baholar bilan o‘qib kelayapman. Kelgusida ularning kasblarini davom ettirib, ona Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilmoqchiman.
Shu kuni marhum xodimlarning oila a’zolari va farzandlariga Prezident sovg‘alari, kitoblar, turli bayram tuhfalari topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati