Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

O‘zJOKU bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

30 Noyabr 2024, 05:11

73

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi Boshqaruv kengashi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Akademiya rahbariyati, universitet professor-o‘qituvchilari, “Xalqaro press-klub” nodavlat-notijorat tashkiloti vakillari va jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda kechayotgan demokratik yangilanishlar jarayonida ommaviy axborot vositalarining o‘rni, axborot makonidagi tahdidlar hamda milliy kontentni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot chog‘ida mafkuraviy urushlar keng tus olayotgan bugungi global sharoitda jamiyatimizni turli salbiy axborotlar ta’siridan himoya qilish, aholining mediasavodxonligini oshirish, milliy manfaatlarimizga mos milliy kontent yaratish, dezinformatsiya jarayonlariga qarshi kurashish, media tuzilmalar va axborot xizmatlari faoliyatini jonlantirish, tezkorlik, xolislik va ochiqlikni ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Muhtaram Prezidentimiz e’tibori bilan davlat tashkilotlari faoliyatining shaffofligi ta’minlanayotgani, ularning keng jamoatchilik oldida hisobdorligi oshayotgani mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbari Rustam Xatamov hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzoladilar.

Shu kuni mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ularga bakalavriat va magistratura bosqichlari, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan ilg‘or yondashuvlar, akademiyaning xalqaro hamkorlik aloqalari va zamonaviy infratuzilmasi haqida ma’lumot berildi.

Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ta’limni raqamlashtirish, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirishga qaratilgan yangi mexanizmlar, ilmiy salohiyatni oshirish, yoshlarning vatanparvarlik fazilatlarini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etdi.

Tanishuvdan so‘ng axborot-resurs markazida magistratura professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari uchun davra suhbati tashkil qilindi. Unda davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash mezonlari, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirishda rahbar kadrlarning o‘rni, boshqaruvning o‘ziga xos talablari haqida so‘z bordi.

– Menga “zamonaviy rahbar qanday bo‘lishi kerak?” degan savol bilan ko‘p murojaat qilishadi. “Bugunning rahbari qaysi sohada bo‘lmasin, birinchi navbatda, muhtaram Prezidentimizdan andoza olishi kerak!”, deb javob beraman. O‘zini qiynamagan, faoliyatiga taniqidiy yondashmagan, xalqimiz bilan samimiy muloqot qilmagan, o‘z ustida ishlamagan rahbar islohotlar talabiga javob bermaydi. Barchamiz bilim va salohiyatimiz, fidoyiligimiz bilan davlatimiz rahbariga tayanch bo‘lishimiz kerak. Shundaniga buyuk ajdodlarimiz boshlab bergan Renessansga, yuksak taraqqiyotga erishamiz, – dedi siyosiy fanlar doktori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Muloqot davomida rahbarlik fazilatlari, ommaviy axborot vositalari bilan samarali ishlash yo‘llari, ichki ishlar organi xodimlarining jamiyatdagi obro‘yini yuksaltirish omillari xususida tinglovchilarga zarur tavsiyalar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech