21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan IIV Akademiyasi kursantlari o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.
Ona tilimizni asrab-avaylash, uning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini mustahkamlash, yoshlarning intellektual salohiyati va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan tadbirga Ichki ishlar vazirligi vakillari, tilshunos olim va mutaxassislar taklif qilindi.
Tadbir avvalida ichki ishlar vaziri maslahatchisi Xurshidbek Ro‘ziyev, vazirlikning Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Umidbek Nurullayev, Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim mudiri Yorqinjon Odilovlar so‘z olib, o‘zbek tilini rivojlantirish, til siyosatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Ko‘rik-tanlovda jamoalar uchta shart bo‘yicha bellashdi. Tajribali mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan har bir jamoaning chiqishi munosib baholandi. Qiziqarli sahna ko‘rinishlariga boy o‘tgan tadbir yakunida “Renessans” jamoasi birinchi o‘rinni, “Tilshunos” jamoasi ikkinchi o‘rinni va “Irfon” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqanlar bu kabi tanlovlar o‘zbek tilining jamiyatimizdagi o‘rni va obro‘yini yanada oshirishda o‘ziga xos o‘rin tutishini ta’kidladilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati