Xalqaro oila kuni hamda ichki ishlar organlarida “Ma’naviyat oyligi” munosabati bilan IIV Akademiyasi Qo‘riqlash otryadi xodimlarining ota-onalari uchun tadbir uyushtirildi.
Uchrashuv xodimlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, ichki ishlar organlaridagi izchil islohotlar, soha xodimlarini ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda mehmonlar o‘z farzandlarining xizmat joylari, yaratilgan shart-sharoitlar, ayniqsa “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, Akademiya tarixi muzeyi, “Vatanparvarlik burchagi” haqida keng taassurotga ega bo‘lishdi.
Uchrashuv davomida Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksining mazmun-mohiyati, xizmatda va xizmatdan tashqari vaqtda o‘zini tutishning asosiy talab va mezonlari, xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralari tartibi bo‘yicha ota-onalarga tushunchalar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati